Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kinematografiya agentligi — Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan „O‘zbekkino“ milliy agentligi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlandi[1]. Agentlik kino san’ati va kino-video sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi[2].

Agentlik har yili davlat budjetidan moliyalashtiriladigan 15 ta to‘liq metrajli badiiy film, 40 qismdan iborat 20 ta hujjatli va ilmiy-ommabop film, 10 ta multiplikasion kinofilm, 60 soatli ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv-uslubiy videofilmlarni ishlab chiqarish vazifasini olgan[2].

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy kinokompaniyalari tomonidan film va videofilmlarni suratga olishga ruxsat beruvchi yagona davlat tashkiloti hisoblanadi[2].

Prezidentning „Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish to‘g‘risida“gi qarorga muvofiq Kinematografiya akademiyasi oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi[3]

Vazifalari

  • kinematografiya sohasida ishlaydigan korxonalar, kinostudiyalar va ijodiy jamoalarni mulkchilik shaklidan qat’i nazar qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ularning manfaatlarini himoya qiladi, tadbirkorlik va raqobat muhitini shakllantirish uchun qulay sharoitlar yaratadi;
  • milliy kinochilikning eng yaxshi an’analarini izchil davom ettirish va boyitish maqsadida iste’dodli yosh kino ijodkorlarni tarbiyalaydi va o‘z ijodiy salohiyatlarini namoyon etishlari uchun ularga ko‘maklashadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi „Davlat film jamg‘armasi“ faoliyatini zamon talablariga muvofiq ravishda tashkil etadi;
  • tanlov asosida kinofilmlar ishlab chiqarish va ijaraga berish tizimini takomillashtiradi va texnik jihatdan qayta jihozlaydi. Aholiga kino va video xizmatlari ko‘rsatish darajasini oshiradi;
  • respublika hududiga mualliflik huquqi bilan himoyalangan kino va video mahsulotlarini noqonuniy tarzda olib kirish, undan foydalanish, ijaraga berish va tarqatishga qarshi tegishli choralarni ko‘radi;
  • respublika hududida filmlar va videofilmlarni namoyish etish hamda texnik jihatdan foydalanish qoidalarini, shuningdek, import yoki eksport qilinayotgan kino va video mahsulotlarni ekspertiza-baholash tartibini o‘rnatadi;
  • kinematografiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilotlar va kinematograflar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytiradi, milliy kinematografiya mahsulotlarini xalqaro kinofestivallarda taqdim etadi.

Rahbariyat

Firdavs Abduxoliqov — bosh direktor.
Shuhratilla Rizayev — direktorning birinchi oʻrinbosari.
Nizomi Mahmudov — direktor oʻrinbosari[4].

Manbalar