Morfema
Morfema (yunoncha: morphe — shakl) — oʻziga xos shakl va maʼnoga ega boʻlgan, boshqa maʼnoli qismlarga boʻlinmaydigan, soʻz (leksema) yasash yoki soʻzning shaklini hosil qilish uchun xizmat qiladigan lisoniy birlik. Morfemalar oʻzbek tilida, asosan, affiks (qoʻshimcha) holatida boʻladi. Masalan, -chi (kurashchi), -shunos (siyosatshunos), -q (taroq), -ki (tepki), -li (aqlli), -chan (ishchan), -la (tuzla), -illa (taqilla), -lar (bolalar), -roq, (kattaroq), -mtir (qoramtir) va hokazo.
Morfemalar asosiy vazifasiga koʻra, 2 turga boʻlinadi; soʻz yasovchilar va soʻzning shaklini yasovchilar. So'z yasovchi morfemalar yangi-yangi leksemalar hosil qilish uchun qoʻllanadi va oʻzbek tili lugʻat (leksik) qatlamining boyishida muhim rol oʻynaydi. Soʻz shakli hosil qiluvchi morfemalar soʻzning qoʻshimcha maʼno ifodalovchi shaklini yasaydi. Masalan: daraxtlar (daraxt soʻzining koʻplik shakli), balandroq (baland soʻzining daraja shakli), sargʻish (sariq soʻzining ozaytirma shakli) keldim (kel feʼlining oʻtgan zamon birinchi shaxs birlik shakli) va boshqa Morfemalar mustaqil qoʻllanmaydi, lugʻaviy maʼno ifodalay olmaydi, faqat soʻzning lugʻaviy va grammatik maʼnolari shakllanishiga xizmat qiladi. Soʻz tarkibida Morfema ishtirok etmasligi ham mumkin. „Morfema“ termini va tushunchasini tilshunoslikka polyakrus tilshunosi I.A.Boduen de Kurtene kiritgan. Lekin Morfemaning I.A.Boduen de Kurtene talqini bilan ushbu, hozirgi talqini oʻrtasida bir qadar farq bor.
Azim Hojiyev, Neʼmat Mahkamov[1].
Yana qarang
[edit | edit source]Manbalar
[edit | edit source]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |