Amerika-Eron munosabatlari
AQSh |
Eron |
AQSh-Eron munosabatlari AQSh va Eron oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar hisoblanadi. Mamlakatlar oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1883-yilda oʻrnatilgan va 1980- yilda tugatilgan. 2013-yil 27-sentabr kuni 30 yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta Prezidentlar Barak Obama va Hasan Ruhoniy oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtgan[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]AQSh va Eron (oʻsha paytda Fors deb ataladigan) 1883-yilda diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻydilar. Ikkinchi Jahon urushi davrida Amerikaning Eronga kirib borishi kuchaydi, chunki bu mamlakat SSSRga kredit-lizing taʼminot yoʻlaklaridan biriga aylangan edi. Eronda Amerikaning bir qancha ob’ektlari qurilib, ushbu obʻyektlarga amerikalik harbiylar joylashtirildi. 1945-yil dekabr oyida Tehronga AQShning Erondagi federal mulkini arzon narxda sotish hamda Eronning kredit-lizing qarzini toʻlash toʻgʻrisida ikkita AQSh-Eron kelishuvi tuzildi[2]. Kredit-lizing qarzi 8,5 million dollar miqdorida toʻlanishi belgilandi[2]. AQShning Eron inqirozini hal qilishda ishtirok etishi, Vashingtonning Erondagi pozitsiyasini mustahkamlashga olib keldi. Sovuq urush boshlanishi sharoitida, 1947-yil aprel oyida Qoʻshma Shtatlar Eronga Amerika harbiy texnikasini sotib olish uchun 25 million dollar kredit berdi, shuningdek, harbiy maslahatchilarning Shoh qoʻshinlari hamda jandarmeriyasida qolish muddatini 1949- yilgacha uzaytirdi[3].
1953-yilda AQSh va Britaniya razvedka idoralari ishtirokida demokratik yoʻl bilan saylangan Bosh vazirga qarshi davlat toʻntarishi boʻlgan. 1978-yilda Eronda islom inqilobi sodir boʻlishi natijasida natijada davlat rahbari mamlakatni tark etishga majbur boʻlgan. Hokimiyat tepasiga esa radikal ruhoniylar keldi. 1980-yilga kelib AQShning Tehrondagi elchixonasi xodimlari qoʻlga olinishi tufayli Qoʻshma Shtatlar Eron bilan diplomatik aloqalarini uzdi. AQSh hukumati hozirda Eron bilan diplomatik yoki konsullik aloqalariga ega emas.
AQSh doimiy ravishda Eronning yadroviy dasturi, Eronning terrorizmni qoʻllab-quvvatlayotgani hamda mamlakatda inson huquqlari buzilishidan xavotir olib keladi. Eronni xalqaro hamjamiyat bilan muzokaralar boshlash va yadroviy dasturi bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga majbur qilish uchun AQSh va xalqaro hamjamiyat tomonidan Eronga nisbatan keng qamrovli sanksiyalar roʻyxati qoʻllangan. Eron hokimiyati oʻz ritorikasida Isroil davlatining mavjud boʻlish huquqini qayta-qayta shubha ostiga qoʻydi, shuningdek, Xamas, Hizbulloh va Falastin Islomiy Jihodi kabi guruhlarga qurol yetkazib berishi bilan Yaqin Sharq mojarosining hal etilishiga toʻsqinlik qildi.
2013-yilda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy kelishi bilan ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yana qaytadan yaxshilana boshladi. Hasan Ruhoniy Gʻarb bilan eng murakkab masalalarni ochiq muhokama qilishga tayyorligini bildirib, mamlakatning ichki kursi oʻzgarganini koʻrsatuvchi qator tadbirlar oʻtkazdi: siyosiy mahbuslar ozod qilinishi ijtimoiy tarmoqlarga kirish maʼlum muddatga ochilishi va hokazo. 2013-yil sentabr oyida 34 yilda birinchi marotaba ikki davlat rahbarlarining oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi[4][5][6].
2015-yil sentabr oyida Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida AQShni „terror siyosati“ uchun tanqid qilgan va nutqi davomida Eron rahbari Amerikaning Iroq va Afgʻonistonga bostirib kirishini, shuningdek, Falastin xalqiga zulm qilib, ʻʻsionistik rejimni qoʻllab-quvvatlash"ni targʻib qigan deb taʼkidladi. U Eronning yadroviy dasturi tufayli uzoq vaqtdan beri amalga oshirilayotgan insofsiz sanksiyalar deb taʼkidlagan. Biroq Eron Prezidenti oʻz nutqida atom boʻyicha yakuniy kelishuvni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirgan[7].
2017-yil oktabr oyida AQSh Prezidenti Tramp Kongressni keng qamrovli harakatlar rejasi AQSh manfaatlariga mos kelmasligini va boshqa bunga ishontirmasligini eʼlon qilgan.
2019-yil 20-iyun kuni Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Harbiy-havo kuchlari Hormuz boʻgʻozi hududida Amerikaning uchuvchisiz dronini urib tushirga muvaffaq boʻldi. Islom Respublikasi axborot agentligi xabariga koʻra, AQShning RQ-4 Global Hawk uchuvchisiz droni Eron havo hududini buzgan hamda Hormozgan viloyati uzra yer-havo raketasi bilan urib tushirilgan. AQSh tomonining xabariga koʻra, MQ-4C Triton droni xalqaro havo hududida parvoz qilgan va Eron chegaralarini buzmagan deb raddiya bildirilgan. Shundan soʻng Amerika Qoʻshma Shtatlari Erondagi uchta harbiy nishonga javob qaytarishni rejalashtirgan.Lekin Donald Trampning soʻzlariga koʻra, u hujumdan 10 daqiqa oldin bu qarorini bekor qilgan[8].
2020-yilning 3-yanvarida Donald Trampning buyrugʻi bilan AQSh havo kuchlari Bagʻdod aeroportiga hujum qilgan. Havo hujumi chogʻida Al-Quds maxsus kuchlari va Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi boshligʻi general Qosim Sulaymoniy vafot etgan. Arab bahori tarixi va Yaqin Sharq geopolitikasi boʻyicha mutaxassis Set Jons bu suiqasd AQSh va Eron oʻrtasidagi ziddiyatni yangi bosqichga olib chiqqanini, taʼkidlagan[9].
Bunga javoban 2020-yilning 8-yanvarida Eron AQShning Iroqdagi harbiy obyektlariga raketa hujumi uyushtirdi.
Eronda chop etilgan asarlar Qoʻshma Shtatlarda mualliflik huquqiga ega emas deb qaraladi.
2022-yil 10-avgust kuni AQSh Adliya vazirligi vakillari Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi aʼzosini AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik boʻyicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonga suiqasd uyushtirishni rejalashtirganlikda sirtdan aybladi. Shahram Pursafi aybdor deb topilsa, 25 yilgacha qamoq jazosi va 500 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. Shu jumladan, rasmiy Vashington Tehron AQSh fuqarolari, jumladan, nafaqadagi amaldorlarga qarshi hujumlar uyushtirsa, jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.
Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]AQSh hukumati Amerika kompaniyalariga Eron bilan har qanday iqtisodiy aloqalarni oʻrnatishni cheklab qoʻygan boʻlib, Eronning terrorizmni qoʻllab-quvvatlayotgani, yadro dasturi boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarishdan bosh tortgani va inson huquqlarining buzilishi sanksiyalar qoʻllashga sabab sifatida koʻrsatilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Президент США впервые за 30 лет провел переговоры с главой Ирана“. 2013-yil 4-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-oktyabr.
- ↑ 2,0 2,1 Yungblyud V. T., Vorobyova T. A., Zboev A. V., Kalinin A. A., Kostin A. A., Smolnyak I. V., Chuchkalov A. V. Vstrechnimi kursami: politika SSSR i SShA na Balkanax, Blijnem i Srednem Vostoke v 1939—1947 gg. — Kirov, 2014. — S. 392
- ↑ Yungblyud V. T., Vorobyova T. A., Zboev A. V., Kalinin A. A., Kostin A. A., Smolnyak I. V., Chuchkalov A. V. Vstrechnimi kursami: politika SSSR i SShA na Balkanax, Blijnem i Srednem Vostoke v 1939—1947 gg. — Kirov, 2014. — S. 396
- ↑ „Смайлик в чалме“. Лента.ру (2013-yil 22-oktyabr). 2016-yil 30-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-noyabr.
- ↑ „Белый дом попросил еврейское лобби оставить в покое Иран“ (2013-yil 30-oktyabr). 2022-yil 26-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-noyabr.
- ↑ „Лидеры США и Ирана поговорили впервые за 34 года“. Лента.ру (2013-yil 28-sentyabr). 2020-yil 28-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-noyabr.
- ↑ „Президент Ирана обвинил США в терроризме и одобрил ядерную сделку“. 2016-yil 5-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 3-oktyabr.
- ↑ „«Несоразмерно сбитому дрону»: Трамп объяснил отмену удара по Ирану нежеланием убивать 150 человек“ (ru) (2019-yil 21-iyun). 2019-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-iyun.
- ↑ „Foreign Policy: убийство Сулеймани выводит конфликт США и Ирана на новый уровень“. 2020-yil 5-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-yanvar.