Kontent qismiga oʻtish

Delta Force (videooʻyin)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

 

Delta Force
Fayl:DF1-game.JPG
Ishlab chiqaruvchi NovaLogic
Nashir etuvchi NovaLogic
Chiqarilgan sana Shimoliy Amerikada 1998-yil 21-oktyabr
Yevropada 1999-yil 1-aprel
Prodyuser Wes Eckhart
Geymdizayner Mat Jennings
Dasturchi Daniele Gaetano
Rassom Keith Rust
Bastakor Tom Hays
Alan Koshiyama
Oʻyin seriyasi Delta Force
Janr Birinchi shaxs taktik otishmasi
Platformalar Microsoft Windows
Oʻyin rejimlari Yolgʻiz oʻyinchili
Koʻp oʻyinchili


Delta Force — NovaLogic tomonidan ishlab chiqarilgan va nashr etilgan birinchi shaxs taktik otishma oʻyini. Oʻyin 1998-yilda Microsoft Windows uchun chiqarilgan boʻlsa, 2009-yili Steamʼda qayta chiqariladi. „Delta Force“ Amerika Qoʻshma Shtatlarining Delta Force maxsus operatsiyalar boʻlinmasiga asoslangan oʻyin boʻlib, harbiy simulyatsiyani kasb qiladi.

Oʻyin tanqidiy va tijoriy muvaffaqiyatlarga erishdi va oʻsha davrning boshqa yuqori darajali birinchi shaxs otishma oʻyinlari bilan bir qatorda taktik otishma janrini ommalashtirishga yordam berdi.

Oʻyin jarayoni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻyinchi oʻziga Delta Force operativi rolini oladi va turli harbiy harakatlardagi turli operatsiyalarda qatnashadi. Oʻyinchilar oʻz operativini (qahramon) oʻyin menyusining oynasida — operativning erkak yoki ayolligi va turli yuzlarni tanlash orqali — sozlashi mumkin. Oʻyin kampaniyalarga boʻlingan, kampaniyalar esa topshiriqlarga, har bir topshiriqqa bir yoki bir nechta maqsad qoʻyiladi. Maqsadlar odatda mintaqada mavjud dushmanlarni yoʻq qilish, yuqori mavqeli nishonga suiqasd uyushtirish, harbiy texnikani yoʻq qilish, harbiy asirlar yoki tinch aholini evakuatsiya nuqtasigacha kuzatib borishlarni oʻz ichiga oladi. Topshiriqqa qarab, oʻyinchi oldiga qoʻyilgan barcha maqsadlarni bajargandan soʻng, evakuatsiya nuqtasigacha yetib borishi kerak. Barcha beshta kampaniya boshidanoq mavjud, qoʻshimcha topshiriqlar esa oldingilari tugallangandagina ochiladi. Baʼzan birdaniga bir nechta topshiriqlar ochiladi va ularni qay tartibda oʻynash oʻyinchining oʻziga bogʻliq. Oʻyinda jami 40 ta topshiriq mavjud va ular Peru, Indoneziya, Oʻzbekiston va Novaya Zemlyada oʻrin oladi.

Koʻp oʻyinchili

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Delta Force shuningdek, 32 tagacha oʻyinchini sigʻdira oladigan mahalliy tarmoq va onlayn koʻp oʻyinchili rejimga ega. Yolgʻiz oʻyinchili kampaniyadagi barcha topshiriqlarni kompyuter tomonidan boshqariladigan Delta Force operativlari bilan hamkorlikda oʻtish mumkin. Bundan tashqari, oʻlimga kurash, togʻ begi va bayroqni egalla kabi rejimlar mavjud.

Ishlab chiqarilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Delta Force NovaLogicʼning oʻzi ishlab chiqqan oʻziga xos Voxel Space yuritkichini ishlatadi. Ushbu yuritkich studiyaning oldingi oʻyinlaridan biri boʻlmish Comanche seriyasi orqali tanilgan. Yuritkichning oʻziga xosligi oʻyindagi atrof-muhitni vizuallashtirish uchun voksellardan foydalanish boʻlsa, qahramonlar, transportlar, bino va boshqa detallarni renderlash uchun poligonlarni ishlatishdir. Bu usul oʻsha kezlardagi birinchi shaxs otishmalarida boʻlmagan masofa chizilishi va atrof-muhit detalklarini aniqlash imkonini berdi va oʻyinning bir necha yuz metrgacha boʻlgan oraliqda haqiqiy ochiq jangni taqlid qilishga urinishini qoʻllab-quvvatladi. Yuritkichning cheklovi shundaki, u 3D tezlanishning hech qanday shaklini qoʻllab-quvvatlamas edi.

Oʻyin sikvelga ega boʻlishi uchun yetarlicha muvaffaqiyatga erishdi. Keyingi yildayoq „Delta Force 2“ deb nomlanuvchi oʻyinning toʻgʻridan-toʻgʻri davomi butun boshli uzun seriyani boshlab berdi. Seriyadagi soʻnggi oʻyin 2009-yilda chiqarilgan „Delta Force: Xtreme 2“ boʻldi. Shuningdek, „Delta Force: Angel Falls“ deb nomlangan oʻyin eʼlon qilinadi, biroq NovaLogic 2016-yilda yopilib ketadi va vaʼda qilingan oʻyin hech qachon chiqarilmaydi.

Mogadishu jangi toʻgʻrisida hikoya qiluvchi Ridley Scottʼning „Black Hawk Down“ urush filmining mashhurligidan ilhomlanib, NovaLogic 2003-yilda shunday nomli „Delta Force: Black Hawk Down“ „Delta Force“ oʻyinini ishlab chiqardi. DICEʼning „Battlefield“ seriyasidagi kabi turli transportlarda urishishni ichiga olgan harbiy mavzudagi koʻp oʻyinchili otishmalarning mashhurligi oshishi tufayli NovaLogic ham 2004-yilda „Joint Operations: Typhoon Rising“ nomli Delta Force seriyasining koʻp oʻyinchili rejimga yoʻnaltirilgan spin-offni ishlab chiqardi.

  • Delta Force at MobyGames