Kontent qismiga oʻtish

Federatsiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
  Federatsiyalar

Federatsiya (soʻnggi lotincha: foederātiō — birlashma, uyushma) — 1) davlat tuzilishi shakli; yuridik jihatdan muayyan siyosiy mustaqilligi boʻlgan davlat tuzilmalaridan tashkil topgan murakkab uyushmadir. Federativ davlatni tashkil etuvchi davlat tuzilmalari (shtatlar, oʻlka, kontonlar) federatsiya subʼyektlari hisoblanadi va oʻz maʼmuriy hududiy boʻlinishlari boʻladi. Federatsiyada yagona konstitutsiya, yagona ittifoq (federal) davlat hokimiyati organlari boʻladi, yagona fuqarolik, pul birligi va shaharlar amal qiladi. Unitar davlatdan farqli ravishda federatsiya hokimiyat oliy organlarining 2 tizimiga — federal organlar va federatsiya aʼzolarining tegishli organlariga ega boʻladi. Federal organlar mamlakatning hamma hududida oʻz vakolat va vazifalarini amalga oshiradi. Federatsiyani tashkil etuvchi davlat tuzilmalari tom maʼnoda davlat hisoblanmaydi. Ular suverenitetga, ittifokdan bir tomonlama chiqish huquqiga ega boʻlmaydi, yuridik jihatdan xalqaro munosabatlarda qatnashish huquqidan mahrumdir. Ittifoq konstitutsiya yoki qonunlari buzilgan taqdirda markaziy hokimiyat federatsiya subʼyektiga nisbatan majburlash choralarini koʻrish huquqiga ega. Federatsiyaning eng zarur belgilaridan biri — federal parlamentning 2 palatali tuzilmasidir. Odatda, federatsiya aʼzolarining oʻz mustaqil konstitutsiyasi boʻladi. Milliy (til) omilning ahamiyatiga qarab federatsiya tuzilishini belgilashda hududiy asosdagi federatsiya (AQSH, Avstraliya, Avstriya, GFR, Argentina, Venesuela, Braziliya, Meksika), milliy asosdagi federatsiya (Hindiston, Belgiya, Nigeriya, Pokiston) va aralash milliyhududiy asosdagi federatsiya (Rossiya Federatsiyasi, Shveysariya, Kanada) farqlanadi. Konstitutsiyaviy huquq nazariyasida, shuningdek, baʼzan konstitutsiyaviy federatsiya (AQSH, Kanada, Braziliya), konstitutsiyaviy shartnomaviy federatsiya (Rossiya Federatsiyasi) va shartnomaviy federatsiya (Shveysariya, Birlashgan Tanzaniya Respublikasi, BAA), markazlashgan (Hindiston, bu yerda bitta shtatdan boshqa shtatlar oʻz konstitutsiyasi va fukaroligiga ega emas) va markazlashmagan federatsiya (AQSH, GFR, Shveysariya) oʻrtasidagi farq koʻrsatib oʻtiladi.

Jahonda 21 ta federativ davlat bor (2005); xalqaro yoki milliy jamoat tashkiloti (Xalqaro shaxmat Federatsiyasi).