Kontent qismiga oʻtish

Ipak

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ipak, pilla tolasi – ingichka, pishiq, yaltiroq, tovlanib turadigan tola; ipak qurtining ipak ajratuvchi ikkita bezidan chiquvchi suyuqlikdan hosil boʻladigan tabiiy toʻqimachilik xomashyosi. Ipak – ipak qurti pillasini oʻrab turgan uzunasiga bir-biriga yopishmagan, seritsin (ipak yelimi) bilan qoplangan va yelimlangan ikki toladan iborat. Bu tolada 70-75% fibroin (oqsil modda), 20-25% seritsin, 2-3% turli mineral moddalar, 1-1,5% mum va yogʻlar bor. Ipak qurtining turiga qarab, pilla tolasining uzunligi 400-1500 m, ingichkaligini ifodalovchi koʻrsatkich – metrik nomeri (№) 2500-3500 yoki 0,4-0,3 teks boʻladi. Bitta pilladan olinadigan tola juda ingichka boʻlgani sababli sanoatda ishlatilmaydi. Pillakashlik fabrikasida pillani qaynatib, har bir pilladagi tola uchini topib, chuviladi. Tolalarning 5-10 tasi uzunasiga qoʻshib yigirilib, kalava holidagi xom ipak olinadi. Qaynatilgan pillaning hammasidan ipak chiqmaydi; pilla tolasining 10-15% gʻumbak bilan birga qoladi.[1]

Bu qoldiq pilla chiqindisidir. Ularni ham yigirib ipak olinadi. Nam Ipak tolasining pishiqligi 10-15% ga kamayadi. Ipak yaxshi elektr izolyatsiya materiali hisoblanadi. Ipak olish uchun katta mehnat sarf boʻladi. Shu sababli ipak qimmatbaho toʻqimachilik xomashyosiga kiradi. Ipakdan shoyi toʻqish, pishitilgan ip tayyorlash va texnika, aviatsiya, kosmonavtika, elektrotexnika maqsadlarida foydalaniladi (qarang Pillachilik).[2]

  1. Tabiiy ipak nima va u nimadan iborat
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil