Kontent qismiga oʻtish

Muhammad Amin inoq madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Muhammad Amin inoq madrasasi
Nikohlarni qayd qilish uyiga aylantirilgan madrasaning ichki koʻrinishi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Zargarlar koʻchasi, 34-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Muhammad Amin inoq
Homiylar Muhammad Amin inoq
Asosiy sana:
Maqomi Davlat himoyasida
Holati Nikohlarni qayd qilish uyiga aylantirilgan
Bino maydoni {{{Bino maydoni}}}
Hujralar soni 20 dan ortiq

Muhammad Amin inoq madrasasi — Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa XVIII asr (1785-yil)ga tegishli boʻlib, bugungi kunda „Ichan qal’a“ mahallasi, Zargarlar koʻchasi, 34-uyda joylashgan. U Muhammad Amin inoq tomonidan qurdirilgan va Ichan qalʼa markazida qad rostlagan.

Muhammad Amin inoq madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi va qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu madrasa 1785-yili Qoʻngʻirot sulolasining shajarasiga asos solgan va ushbu suloladan birinchi Xiva xoni boʻlgan Muhammad Amin inoq tomonidan qurdirilgan. Rivoyatlarga koʻra, ushbu madrasaning maxsus xonalaridan biriga Muhammad Amin inoq va uning oʻgʻli dafn qilingan deb taxmin qilinadi.

1935-yilda Xivaning bir necha tarixiy binolari vayron qilingan, shu davrda ishlagan keksalarning aytishiga koʻra, madrasa ichidan ikkita qabr topilgan. Qabr ichidagi jasadlar yaxshi saqlangan boʻlib, ularni kafanga qoʻshimcha tarzda teri bilan ham oʻrashgan. Madrasada 20 tadan ortiq hujralar boʻlib, uning old tomoni kiraverishdan ikki qavatli qilib qurilgan va ikki tomonidan tepaga koʻtarilish uchun maxsus zinapoyalar ishlangan[3].

Tarixiy madrasa qarshisida XIX asr boshlarida Fozilbiy masjidi ham qurilgan (Fozilbiy Muhammad Amin inoq davrida Amir al-umaro, Xiva xonligidagi harbiy qoʻshinlarning bosh qoʻmondoni vazifasida ishlagan, uning maoshi yiliga 500 tilla boʻlgan, hozirda bu inshoot buzilib ketgan). Madrasa qayta taʼmirlanib, uning ichki sathini yuqori qismi beton ustunlar yordamida bostirilib ganch qilingan, bu uning oʻzida bir vaqtda zamonaviylik va tarixni aks ettirishida yordam bergan.

Madrasa bosh tarzi maydonga qaragan. Janubiy peshtoqdan 3 gumbazli miyonsaroy orqali toʻgʻri toʻrtburchak tarhli hovliga (25,4x24 m) kiriladi. Hovli atrofida bir qavatli hujralar va qarama-qarshi joylashgan 2 ayvon bor. Hovlining kesik burchaklaridan hujraga kirish uchun tor yoʻlaklar ishlangan. Miyonsaroy Oʻrta Osiyo mumtoz meʼmorligiga xos boʻlmagan tarzda ishlangan. Uning gumbazlari oʻzaro ravoqlar orqali bogʻlangan. Gʻarbdagisi kengroq hajmda boʻlib, ayvon vazifasini oʻtagan. Unga masjidning gumbazli zali tutashgan. Peshtoqining 2 qanotida 1 qavatli, 2 qatorli hujralar va burchaklarida guldastalar, darsxona va masjid joylashgan[4].

Hozirgi kunda Muhammad Amin inoq madrasasida shahar FHDYO, yaʼni nikohlarni qayd qilish uyi faoliyat olib bormoqda[3].