Saidakbar Rahmonqulov
Saidakbar Rahmonqulov | |
---|---|
Tavalludi |
5-may 1936-yil Sayram tumani, Chimkent viloyati, Qozogʻiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Kasbi | biolog, bioximik, fiziolog, seleksioner |
Sohasi | qishloq xoʻjaligi |
Ish joylari | Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti |
Taʼlimi | Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti |
Ilmiy darajasi | biologiya fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Mukofotlari |
Saidakbar Rahmonqulov (1936-yil 5-may, Sayram tumani, Chimkent viloyati, Qozogʻiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, biolog, bioximik, fiziolog, seleksioner, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi muxbir aʼzosi (1991), biologiya fanlari doktori (1986), professor (1990). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi (1982).
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Saidakbar Rahmonqulov 1936-yil 5-may Sayram tumani Sayram qishlogʻi tugʻilgan. Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti agronomiya fakultetini tamomlagan (1958)[1]. Butunittifoq gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim (1959—1961), Ukraina Fanlar akademiyasi Oʻsimliklar fiziologiyasi institutida aspirant (1961—1964). 1965-yildan Butunittifoq gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutining Oʻsimliklar biokimyosi (keyinchalik oʻsimliklar biokimyosi va fiziologiyasi) laboratoriya mudiri (1965—2014), Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (1991—1995), Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti bosh direktori (1995—1998), Toshkent davlat agrar universiteti „Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urugʻchiligi“ kafedrasida professor (2002—2009), 2014-yildan Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri[1].
Ilmiy foliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Saidakbar Rahmonqulov gʻoʻza geterozisi nazariyasi uchun sitoplazmatik genlarning fotosintez faoliyatini boshqarishdagi tutgan oʻrni hamda geterozisli duragaylar yaratishda onalik va otalik shakllarini fiziologik-biokimyoviy koʻrsatkichlar boʻyicha farqlanishi asosini yaratgan, shuningdek, geterozis hodisasini belgilovchi fiziologik testlarini aniqlagan[1]. Olimning rahbarligida gʻoʻzaning turlararo duragaylar olishdagi nomutanosiblik toʻsigʻini bartaraf etish uchun biotexnologiya (embriokultura) uslublari ishlab chiqildi, natijada uzoq turlar chatishtirilib, seleksiya uchun noyob manbalar, yaʼni noqulay sharoitlarga (tuproq shoʻrlanishiga, suv tanqisligiga, viltga, garmsel va yuqori haroratga) bardoshli, tola sifati boʻyicha jahon bozori talablariga javob beradigan duragaylar va ular asosida tizmalar yaratildi. Gʻoʻzaning madaniy G.hirsutum turi bilan yovvoyi G.sturtii, G.harknessii, G.aridum, G.triphyllum, G.raimondii turlari ishtirokida olingan amfidiploid duragaylar hozirgi kunda tizma va nav darajasiga yetkazilgan. Ushbu yoʻnalishning davomi sifatida gʻoʻzaning genomlararo olingan kombinatsiyalarda embrional jarayonlarning qonuniyatlarini oʻrganish boʻyicha izlanishlar olib borilishi natijasida uzoq turlararo duragaylar (yovvoyi turlar G. incanum, G. davidsonii, G.klotzschianum, G.gossypioides, G.laxum, G.australe, G.nelsonii, G.bickii ishtirokida) yaratilgan. Istiqlol-14, S-2118, S-2120, Mangʻit-1, Mangʻit-2, SSB-Klaster-1 kabi gʻoʻza navlarini yaratgan. Ushbu navlar sanoatbop va sermoyli (19-20%) boʻlib, tola chiqimi 36-40%, sifati esa IV va V tip talablariga toʻliq javob beradi. Olim 13 ta gʻoʻza navlariga patent olgan[1].
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1982-yilda „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi“ unvoni, 1986-yilda „Mehnat faxriysi“ medali, „Qishloq xoʻjaligi aʼlochisi“, „Mustaqillikning 20 yilligi“, „Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi“, „1-darajali murabbiy“ koʻkrak nishonlari bilan mukofotlangan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 5-mayda tugʻilganlar
- 1936-yilda tugʻilganlar
- Sayram tumanida tugʻilganlar
- Mehnat faxriysi medali sohiblari
- Oʻzbekiston mustaqilligiga 20 yil nishoni sohiblari
- Oʻzbekiston olimlari
- Qishloq xoʻjaligi sohasi olimlari
- Fan doktorlari
- Professorlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimlari
- Toshkent davlat agrar universiteti bitiruvchilari