Kontent qismiga oʻtish

Xitoy-koreya platformasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xitoy-Koreya platformasi, Sina qalqoni — qadimgi platforma; Xuanxe daryo havzasining quyi qismi va Koreya yarim orol, shuningdek, Sariq dengiz tubining koʻp qismida joylashgan. Platforma gʻarbda Ichki Mongoliya boʻylab davom etib, torayib boradi. Sharqiy qismi Koreya va Sharqiy Xitoyni qamrab olgan, burmalangan kristalli zamini tokembriy (proterozoy va arxey) yoshida. Koreya, Lyaodun ya. o.lari va Shansida koʻtarilmalar shaklida yer yuzasiga chiqib qolgan poydevor metamorfik jinslar (gneys, migmatit, kristalli slanets, amfibolitlar) va granitlardan tuzilgan. Anshan seriyasida (kuyi proterozoy) temirli kvarsitlarning yirik konlari mavjud. Platforma poydevori ustida choʻkindi qoplam jinslari boʻlib, choʻkindi majmuasining quyi qismi sina sistemasi yotqiziqlaridan iborat. Toshkoʻmir, perm va yura davrlari yotqiziklarida toshkoʻmir konlari, paleogen va neogen yotqiziqlarida yonuvchi slanetslar va kumir (Fushun), perm yotqiziklarida esa boksitlar (Shandun provinsiyasi) mavjud. Boxayvan qoʻltigʻi sohilidagi Shim.Xitoy sineklizasining boʻr va kaynozoy yotqiziklarida neft konlari joylashgan. Ordos sineklizasida ham neft va gaz konlari mavjud. Koreya yarim oroldagi oltin, volfram, polimetall konlari va Lyaodun yarim oroldagi surma va mis konlari paydo boʻlishi mezozoy magmatizmi bilan bogʻliq.