Xoqon
Xoqon, qagʻan, qoon — Markaziy Osiyolik ayrim xalqlarda, shu jumladan, turkiy xalqlarda hukmdorlarning eng oliy unvoni. Ushbu unvon imperator, shahanshoh unvonlari bilan teng maʼnoni bildirgan.
Milodiy 4-asrdan[1] to soʻnggi oʻrta asrlargacha Markaziy Osiyo, Shimoliy Xitoy, Shimoliy Kavkaz, Janubiy Rossiya, Sharqiy Yevropa, Eron, Hindiston va boshqa oʻlkalarda hukm surgan turkiy sulolalar aksariyatida hukmronlar uchun qoʻllangan. Dastlab mil. av. 1-asrda Osiyo hunlarida koʻringan ushbu unvon Yevropa hunlari — tabgʻach (kelib chiqishi turkiy boʻlgan Xitoydagi Shimoliy Vey sulolasi), Avar xoqonligi (Sharkdy Yevropada), Turk xoqonligi, Xazar xoqonligi, Uygʻur xoqonligi davlatlarida mavjud boʻlgan.
Keyinchalik, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Usmoniylar davlatlarida ham yuksak unvon sifatida qoʻllangan. Bundan tashqari, ushbu unvon turkiylar bilan qoʻshni boʻlgan boshqa xalqlarda: slavyanlarda (Kiyev Rusi davlati), moʻgʻullar (Chingizxon imperiyasi)da ham ishlatilgan (yana qarang Xon). Ayniqsa, Turk xoqonligi davrida oliy hukmdor sifatida davlat tepasida X.lar turgan. Bu davrga taalluqli qad. turkiy, xitoy, yunon, arman, suryoniy, sugʻdiy, baqtriy, tibet tilidagi manbalarda turk X.lari haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Xitoy yilnomalarida X.larning taxtga chiqish marosimi haqida keng tafsilotlar berilgan. Jumladan, X. boʻladigan shaxs oq kigiz ustiga oʻtirgʻizilib, 9 kishi tomonidan yuqoriga koʻtarilgan holda oʻtov (chodir)ning atrofida quyosh yoʻnalishida 9 marotaba aylantirilgan. Soʻngra esa ipak roʻmol bilan tomogʻi siqilib, undan qancha yil hukmdor boʻlishi soʻralgan, ogʻzidan chiqqan birinchi tovush yoki soʻzga qarab, uning qancha muddat hukm surishi tayin kilingan. Shunga oʻxshash maʼlumotlar yunon, arab, fors, turkiy manbalarda ham saqlanib qolgan.
Turk xoqonligi davrida, jumladan, 6—8-asrlarda Markaziy Osiyoning bir qancha oʻlkalarida; Toxariston, Sugʻd, Fargʻona, Choch, Yettisuvda "xoqon" unvoni bilan tangalar chiqarilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Klyashtornyy S. G. Stepnyye imperii drevney Yevrazii. — Filologicheskiy fakul'tet Sankt-Peterburgskogo gos. universiteta, 2005. — S. 50.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bichurin N.Ya., Sobraniye svedeniy o narodax obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena, t. 1—3, M.—L., 1950—1953.
- Klyashtornyy S. G., Savinov D. G., Stepnyye imperii drevney Yevrazii. Sankt-Peterburg: Filologicheskiy fakul'tet SPbGU, 2005
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |