Kontent qismiga oʻtish

Yosh buxoroliklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yosh buxoroliklar — Buxoro amirligidagi jadidlar partiyasi (firqasi). Dastlab „Tarbiyai atfol“ („Bolalar tarbiyasi“) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan. 1910-20 yillarda „Yosh buxoroliklar“ partiyasi deb atalgan. Unga taraqqiyparvar ziyolilar, savdogarlar va shahar kambagʻallari vakillari kirgan. Ular boshida mavjud amirlik tuzumi doirasida demokratik islohotlar oʻtkazish, konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qoʻyish tarafdori boʻlgan. Abdulvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (Usmonxoʻja), Otaulla Xoʻjayev, Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Homidxoʻja Mehriy, Muso Saidjonov, Mirzo Siroj Hakim Yosh buxoroliklarning dastlabki tashkilotchilari edi. Keyinchalik uning faoliyatida Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev va Muhiddin Mansurov katta rol oʻynashdi. Yosh buxoroliklar iqtidorli yoshlarni Istanbul, Qozon, Ufa, Boqchasaroyga oʻqishga joʻnatdi. Ular partiyaning moddiy mablagʻi hisobidan taʼlim olishgan. Fayzulla Xoʻjayev va Muhiddin Mansurov partiyaga katta mablagʻ ajratgan. Istanbulda „Buxoro taʼlimi maorif jamiyati“ tashkil qilinib, jamiyat aʼzolari Turkistonda maorif tizimini rivojlantirishda muhim ishlar qilishdi. Jamiyatning koʻmagi bilan Abdurauf Fitrat va boshqalar taraqqiyparvarlarning asarlari Istanbulda nashr qilinib, Turkiston mintaqasiga tarqatildi. Yosh buxoroliklarning maqsadi yangi usul maktablarini ochish, bolalarning savodini tezroq chiqarish, ijtimoiy ongini oʻstirish, maktab, Madrasa, oʻquv tizimini isloh qilish edi. Buxoroda boshlangan harakat tezda Shaxrisabz va Karkigacha tarqaldi. 1912-yil Buxoroda dastlabki gazetalar — tojik tilida „Buxoroyi sharif“ va oʻzbek tilida „Turon“ chiqa boshladi. Gazetalarni moddiy jihatdan taʼminlash va nashr ishlarini yoʻlga qoʻyishda Muhiddin Mansurov va Mirzo Siroj Hakim muhimroloʻynashdi. Biroq 1913-yil yanvarda bu gazetalarning faoliyati rus maʼmurlari tomonidan taqiqlab qoʻyildi. Istanbulda taʼlim olgan koʻplab buxoroliklarning yurtiga qaytishi bilan maorif ishlari yana jonlandi. 1914-yildan boshlab Yosh buxoroliklar maʼrifatchilikdan siyosat sohasiga oʻtdilar. Yosh buxoroliklar amirlik tuzumini isloh qilish toʻgʻrisida dadil fikrlar bilan maydonga chiqishdi. Ularning ijtimoiy, siyosiy, maʼrifatparvarlik faoliyati partiya mazmunida endilikda yangicha maqsad va yoʻnalish kasb etdi. Buxoroda „Maʼrifat“ kutubxonasi va „Barakat shirkati“ tuzilib, ular kitoblar nashr qilish va xorijda chiqarilgan turli adabiyotlar, gazeta va jur.larni Buxoroda tarqatish bilan shugʻullanadilar. Bu ishlarda Abdulvohid Burhonov, Ahmadjon Hamdiy, Mirzo Siroj Hakim faollik koʻrsatishdi. Biroq ularning maʼrifatparvarlik intilishlari avval amir Abdulahad, soʻngra uning oʻgʻli Olimxon tomonidan katta qarshilikka uchradi. 1917-yil fevral inqilobi Yosh buxoroliklar ichida kuchlar nisbatining qayta guruxlanishini tezlashtirdi. Astasekin isloh qilish tarafdorlari boʻlgan jadidlarga Abdulvohid Burhonov, islohot sohasida faol harakatlarni qoʻllovchi, nisbatan oz sonli yosh jadidlarga Abdurauf Fitrat yetakchilik qildi. Yosh buxoroliklar Petrograddagi Muvaqqat hukumatga amirlikda demokratik islohotlar oʻtkazishni soʻrab, 2 marta telegramma yubordi, Abdurauf Fitrat va Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Petrogradga joʻnatildi. Ular Rossiyadan maxsus komissiya kelayotgani sababli Orenburgdan Buxoroga qaytishdi. Rus rezidenti Aleksander Yakovlevich Miller Buxoroda Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulvohid Burhonov va boshqalar bilan uchrashib, Yosh buxoroliklar talablari bilan qiziqdi. Yosh buxoroliklar yangi usul maktablari ochish, matbuotga erkinlik berish, xalq hukumati tuzish talablarini ilgari surdi. Buxoro amiri Olimxon Miller va uning yordamchisi Shulga tuzgan manifest matnini ayrim tuzatishlar bilan farmoni oliy tarzida eʼlon qildi (1917-yil 7 aprel) Amir farmonida nufuzli kishilardan iborat majlis tuzish, davlat xazinasini taʼsis etish va mamlakat byudjetini belgilash, poytaxtda bosmaxona ochish, sanoat va savdoni rivojlantirish, soliklarni tartibga solish, amaldorlar ustidan nazorat oʻrnatish va ularga moyana toʻlash kabilar tilga olingan edi. Yosh buxoroliklarning Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev va Usmon Xoʻjayev boshchiligidagi soʻl qanoti farmon eʼlon qilingan kunning ertasiga Buxoro shahrida katta namoyish uyushtirdi va Registonda miting oʻtkazdi (qarang Buxoroda 1917-yil aprel namoyishi). 14 aprelda amir oʻz farmonini bekor qildi. Yosh buxoroliklar endi amir hokimiyatiga qarshi yashirin kurash yoʻliga oʻtdi. Ular Buxoro shahrini tark etishga majbur boʻldi va Yangi Buxoro (Kogon)ga kelib oʻrnashdi. Kogonda ular safiga Buxorodan avval chiqib ketgan yirik savdogar Muhiddin Mansurov oʻgʻillari (Abdulqodir, Amin, Isom Muhiddinov) va boshqalar bilan kelib qoʻshildi. 1917-yil aprel voqealari Yosh buxoroliklar partiyasi ichidagi boʻlinishni chukurlashtirdi va unda Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi oʻng qanot vaqtinchalik ustun keldi. Keyinchalik Yosh buxoroliklar partiyasidan qisman isloxrtlar oʻtkazish tarafdori boʻlgan jadidlarning ulamolar bilan bogʻlangan Ikrom domla boshchiligidagi guruhi ajralib chikdi. Yosh buxoroliklar safidan yirik sarmoyadorlar chiqib, unga koʻproq shahar kambagʻallari kirdi.

1917-yil oktabr-noyabr oylarida Petrograd va Toshkentda sodir boʻlgan voqealar Buxoro amirligida katta akssado berdi. Toshkent va Fargʻonadagi jadidlar Turkistonda muxtoriyat eʼlon qilish uchun harakat qilgan boʻlsa, Yosh buxoroliklar Buxoroda amirning istibdod tuzumiga karshi kurashni davom ettirdi. Yosh buxoroliklar partiyasi ichida turli guruhlarning borligi, karashlarning xilma-xilligi tufayli yagona dastur tuzishga ehtiyoj tugʻildi. Markaziy qoʻmita bu vazifani 1917-yil noyabrda Abdurauf Fitratga topshirdi. Abdurauf Fitrat bu paytda Samarqandda chiqayotgan „Hurriyat“ gazetaning bosh muharriri edi. Markaziy qoʻmita Abdurauf Fitrat tomonidan 1918-yil yanvarda yozilgan Yosh buxoroliklar partiyasining dasturini tasdikladi va islohot loyihasi sifatida eʼlon qildi. Unda mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatish, Buxoroning iqtisodiy, siyosiy va harbiy mustaqilligini taʼminlash, madaniy taraqqiyot, dehqonchilik va soliqtizimi masalalariga alohida eʼtibor berildi, zamonaviy armiyani tashkil etish, 2 yillik majburiy harbiy xizmatni joriy qilish, davlat hisobidan maktablar va oliy oʻquv yurtlari ochish, 10 nozirlikdan iborat Nozirlar kengashi tuzish taklif etildi. Fayzulla Xoʻjayev Abdurauf Fitrat loyihasining ancha cheklanganligini tanqid qilib, unda boshqaruvning respublika usulini joriy etish talab qilinmaganligini taʼkidladi. Okt. toʻntarishidan keyin sovet Rossiyasi bilan Buxoro oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Qoʻqon shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumatini qizil askarlar va arman dashnoqlarining qurolli kuchlari yordamida 1918-yil 19-12 fevralda agdarib tashlagan bolsheviklar endi Buxoroda bir zarb bilan amirlik hokimiyatini ham tugatmoqchi edi. Ular shu maqsadda Fayzulla Xoʻjayev boshchiligidagi Yosh buxoroliklarni qoʻllabquvvatlashdi. Yosh buxoroliklar esa oʻz kuchlari bilan hukumatni qoʻlga ololmasdi. 1918-yil fevral oyining oxirida Turkiston XKS raisi F. I. Kolesov Ashxoboddan Toshkentga kaytayotganda Qoʻqon shahrida Yosh buxoroliklar rahbarlari bilan uchrashib, amir hokimiyatiga qarshi kurashda oʻz „xizmat“ini taklif qildi. Yosh buxoroliklarning 7 kishidan iborat inqilobiy qoʻmitasi (rais-Fayzulla Xoʻjayev) tuzildi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda Buxoroda 1918-yil mart fojialari sodir boʻldi (qarang Kolesov voqeasi). Oqibatda 3 mingdan ortiq Yosh buxoroliklar oʻldirildi. Buxorodan tashqari Gʻijduvon, Shofirkon, Vobkent, Qorakoʻl tumanlari va Chorjoʻy, Xatirchi, Karmana, Qarshi, Shahrisabz bekliklarida ham minglab kishilar jadidliqda nohaq ayblanib, qatl etildi. Yosh buxoroliklar amirlik hududidan darxrl chiqib ketishga majbur boʻldi va Turkiston respublikasidan siyosiy boshpana soʻradi. Sovet Turkistoni rahbarlari Yosh buxoroliklarga noxush munosabatda boʻddi. Muhojirlikdagi Yosh buxoroliklarning koʻpchiligi ocharchilik natijasida qirilib ketdi. Yosh buxoroliklar partiyasida gʻoyaviy tushkunlik, guruhbozlik va parokandalik yuz berdi. Muhojirlikning dastlabki davrida (1918-yil mart-iyun) Fayzulla Xoʻjayev Yosh buxoroliklar qoʻmitasining raisi sifatida safdoshlarini ishga joylashtirish va moddiy jihatdan taʼminlash bilan faol shugʻullandi. Toshkentda 1918-yil aprel-may oylarida Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev boshchiligida Yosh buxoroliklarning soʻl eserlar guruhi tashkil topdi. Samarqanddagi shunday guruhga Otaulla Xoʻjayev rahbarlik qildi (bu guruh 1918-yil 25 sentabrgacha ishladi). Muhojirlikning 2davrida (1918-yil oʻrtalaridan to 1919-yil gacha) RSFSR va Turkiston Millatlar ishi boʻyicha komissarliklari krshida Yosh buxoroliklarning boʻlimlari ochildi, Fayzulla Xujayev Turkiston respublikasining RSFSR hukumati huzuridagi muxtor vakolatxonasida Yosh buxoroliklar partiyasining boʻlimini tashkil qildi (1918-yil oktabr). Buxoro amirligida demokratik gʻoyalarni targʻib qilish uchun Yosh buxoroliklar tomonidan oyida 2 marta oʻzbek va tojik tillarida jurnal nashr etila boshlandi. 1918-yil 16 noyabr da Moskvada Yosh buxoroliklarning Turkiston MIKdagi muxtor vakolatxonasi yigʻilishida Fayzulla Xoʻjayev tayyorlagan dastur (programma) kabul kilindi. Unda Buxorodagi ijtimoiy tuzum va xalq ahvoli yoritildi, Buxorodagi amir hukumatini agʻdarib tashlash uchun tashviqotchi xodimlar tarbiyalash, Buxoro va Turkiston xalklari bilan aloqa bogʻlash, amirga qarshi xalq koʻzgʻolonini tayyorlash va unga rahbarlik qilish, qoʻzgʻolonchilarni qurolyarogʻ bilan taʼminlash masalalari koʻzda tutildi. Yosh buxoroliklarning maqsadi — Buxoroda demokratik xalq respublikasi oʻrnatish, deb eʼlon etildi. 1919-yil oʻrtalariga kelib , Yosh buxoroliklarning Toshkent, Samarqand, Mari, Karki, Kattaqoʻrgʻonda boʻlimlari va Kogonda shahar byurosi tuzildi. Shu yil dek.gacha ularning 3 marta qurultoyi chaqirildi. 1920-yil yanvarda Toshkentda Fayzulla Xoʻjayev boshchiligida inqilobchi Yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosi tashkil etildi. 1920-yil 15 apreldan Yosh buxoroliklar partiyasining organi „Uchqun“ gazeta chika boshladi (muharrir — Fayzulla Xoʻjayev). U Toshkentda chop qilinib, Buxoroda maxfiy ravishda tarkatildi. Inqilobchi Yosh buxoroliklar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi 1920-yil 13-14 iyundagi birlashgan konferensiyasida Fayzulla Xoʻjayev tuzgan dasturni kabul qildi. Dastur „Zulmga qarshi birlashingiz!“ degan shior va kirish qismi bilan boshlanadi. Bu qismda Buxoroning umumiy ahvoli va Yosh buxoroliklarning asosiy maqsadlari, 2qismida esa Yosh buxoroliklarning amaliy takliflari, islohot va mamlakatni idora qilishni tashkil etish rejasi bayon etildi. Shariat-adliya ishlarini olib borishning negizi deb eʼtirof kilindi. Dasturda amirlikni qurol kuchi bilan agʻdarib tashlash va Buxoroni demokratik xalq respublikasi deb eʼlon qilish talabi qoʻyiladi. Katta boylar qoʻlidagi yerlarni musodara qilish, bepul boshlangʻich taʼlim joriy etish, qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning ahvolini yaxshilash yoʻlida amaliy choratadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlanadi. Markaziy byuro Buxoro xalqi va askarlariga karata oʻzbek va tojik tillarida „Xitobnoma“ chiqarib, amir hokimiyatini agʻdarib tashlash uchun xalq qoʻzgʻoloni boshlashga daʼvat qildi. 17.000 nusxa xitobnoma va 10.000 nusxa partiya dasturi tarkatildi. Yosh buxoroliklar tashkilotlari butun amirlik hududi boʻylab tuzilgan, hatto Eski Buxoroda uning 12 shoʻʼbasi mavjud edi. Bolsheviklar Yosh buxoroliklardan amirlik hokimiyatini agʻdarishda foydalandi. Yosh buxoroliklar ham taktik maqsadlarni koʻzlagan holda bolsheviklar bilan yaqinlashdi. 1920-yil 2 sentabrda Turkfront qoʻmondoni M. V. Frunze boshchiligidagi qizil askarlar keskin janglardan soʻng Buxoro shahrini bosib oldi (qarang Buxoro bosqini). Amir Olimxon hokimiyati agʻdarib tashlandi. Xalq Nozirlar Shoʻrosi, Inqilobiy qoʻmita va BKP MKning umumiy yigʻilishida (1920-yil 14 sentabr) 9 kishidan iborat Butun Buxoro inqilobiy qoʻmitasi (raisi-Abdulqodir Muhiddinov) va respublika hukumati — 11 kishidan iborat Xalq Nozirlar Shoʻrosi (raisi — Fayzulla Xoʻjayev) tuzildi (qarang Buxoro Xalq Sovet Respublikasi). Yosh buxoroliklar oʻz islohotchilik gʻoyalarini yangi hukumatdagi faoliyati davomida amalga oshirishga harakat qildi. Buxoroda amirlik tuzumini agʻdarib tashlashdek oʻz tarixiy vazifasini bajargan Yosh buxoroliklar partiyasining aʼzolari 1920-yil 11 sentabrda umumiy asosda Buxoro kompartiyasi safiga kirdi. Yosh buxoroliklar partiyasining ayrim aʼzolari (Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulhamid Oripov va boshqalar) keyinchalik Buxorodagi istiqlolchilik harakati saflariga oʻtib, kizil askarlarga karshi kurashda katnashdi. 1923-yil iyunda Moskvaning qatʼiy talabi bilan Otaulla Xoʻjayev (tashqi ishlar noziri), Abdurauf Fitrat (maorif noziri), Sattor Xoʻjayev (moliya noziri), Muinjon Aminov (Ekoso raisi) va boshqalar sobiq Yosh buxoroliklar lavozimlaridan olinib, Buxoro davlati hududidan chiqarib yuborildi. Yosh buxoroliklar safidagi jadidlarning deyarli hammasi 30 yillarning oʻrtalarida qatagʻon qilindi.[1]

  • Ainiy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xoʻjayev F. Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Fayzulla Xoʻjayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar, T., 1997; Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash, T., 1999; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Alimova D. A., Djadidizm v Sredney Azii. Puti obnovleniya, reformi, borba za nezavisimost, T., 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Buxoro: tarix sahifalari, Buxoro, 1999; Tarix shohidligi va saboqlari, T., 2001; Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Gafarov N., Istoriya kulturnoprosvetitelskoy deyatelnosti djadidov v Buharskom emirate, Xudjand, 2000.
  1. Rajabov, Qahramon. „Yosh buxoroliklar“ OʻzME. Yo-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil