Zafarnoma (asar)
"Zafarnoma", Fathnomayi Temuriy, Tarixi Jahongushoyi Temuriy — Amir Temur davlati tarixiga bagʻishlab yozilgan asar. Sharafiddin Ali Yazdiy tomonidan Ibrohim Sulton farmoniga koʻra, 1419— 25-yillarda Sherozda fors tilida yozilgan.
"3." aslida "Fathnoma" yoki "Fathnomayi Temuriy" yoki "Tarixi Jahongushoyi Temuriy" deb nomlangan boʻlsada, Nizomiddin Shomiynint "Zafarnoma"siga mazmunan yaqinligi tufayli keyinchalik "3." nomi bilan shuhrat topgan. Asar 2 qismga: Temurdan oldingi davr tarixidan umumiy tarzda soʻzlovchi "Muqaddima" va Temur davri tarixini yorituvchi asosiy qism "Zafarnoma"ga boʻlinadi.
Muallifning taʼkidlashicha, Ibrohim Sulton oʻz bobosi Amir Temur haqida maxsus kitob yozilishini niyat qilgan va 1419—20-yillarda oʻz vaqtida kotiblar, baxshi, munshiylar tomonidan Temur haqida ham turkiy, ham forsiy tillarda yozib qoldirilgan mavjud maʼlumotlarni yigʻib keltirish haqida farmon chiqargan. Bu ish amalga oshgach, mazkur maʼlumot — hujjatlarni oʻrganishga kirishilgan. "Z."ning soʻz boshida qayd etilishicha, Amir Temur haqidagi turkiy va forsiy tillarda bayon qilingan hikoyalarning hamma sheʼriy va nasriy nusxalari toʻplangach, maʼlumotlar bilan tanishish uchun uchta guruh tuzilgan. Turkiy va forsiy tillarning bilimdonlari ikki guruhni, voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shohidlar esa bir guruhni tashkil qilgan. Dastlab Temur haqidagi har bir hikoya oʻqilgan, agar uning mazmuni voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shohidning talqiniga toʻgʻri kelmay qolsa, Ibrohim Sulton haqiqatni tiklash uchun turli shaharlarga choparlar yuborib, mazkur voqeani Temurning yana boshqa zamondoshlaridan surishTirgan yoki qoʻshimcha maʼlumotlar toʻplagan. Shu qoʻshimcha hikoyatlarni ham tinglagach, Ibrohim Sulton aytib turgan va kotiblar yozib borgan. Shu tarzda asarning dastlabki xomaki nusxasi tayyorlangan. Sharafiddin Ali Yazdiy ana shu xomaki nusxa asosida "3." asarini yozgan. Ibrohim Sultonning qatʼiy buyrugʻiga binoan kitobilani yozish vaqtida sanalar, joy nomlari, ular orasida masofa oʻlchovlari haqidagi barcha maʼlumotlar juda sinchiklab tekshirilgan. Sharafiddin Ali Yazdiydan esa asarni jonli til bilan tushunarli qilib yozish talab etilgan va shuningdek, u hujjatlarga qatiy rioya qilishi, Ibrohim Sultonning bevosita shaxsiy nazorati ostida tuzilgan dastlabki xomaki yozuvdan aslo chetga chiqmasligi hamda hech narsani boʻyab koʻrsatmasligi shart qilib qoʻyilgan. Asar tiluslub jihatdan fors tilining oʻsha 15-asr adabiy uslubini mukammal bilgan savodxon uchun moʻljallangan. Asarning muqaddima qismini Sharafiddin Ali Yazdiyning oʻzi "Tarixi Jahongir" deb nomlagan, lekin "Muqaddima" deb mashhur boʻlib, "3." ning ajralmas qismi hisoblangan. Shu bilan birga, hajmi katta boʻlganligi tufayli boʻlsa kerak, qoʻlyozma nusxalarda alohida mustaqil asar sifatida ham tarqalgan. U soʻz boshi, ikki fasl va xotimadan iborat. "Muqaddima"dan koʻzda tutilgan maqsad Temur shajarasini bayon etish va uning oʻzidan oldin oʻtgan hukmdorlardan davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi ustunligini isbotlab berishdan iboratdir.
"3." asarining asosiy qismi esa, muallifning dastlabki rejasiga koʻra, uchta maqoladan iborat boʻlmogʻi lozim edi. Birinchi maqola Temurga, ikkinchisi uning oʻgʻli Shoxruxga va uchinchisi Shohruxning oʻgʻli Ibrohim Sultonga bagʻishlanishi koʻzda tutilgan edi. Biroq "Z."ning hozirgi fanda maʼlum boʻlgan qoʻlyozma nusxalarida keyingi ikki maqola yoʻq, ular yoki yozilmagan, yoki bizgacha yetib kelmagan.
15— 16-asrlarda "3." qahramonlik qissasi janrida ikki marta sheʼriy yoʻl bilan: oʻzbek tilida shoir Lutfiy va fors tilida Hotifiy tomonidan kuylangan. 16-asr boshlarida shayboniylardan Koʻchkunchixonning topshirigʻiga muvofiq, Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy tomonidan "3." oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Bu tarjima 1997-yil Toshkentda izoxdar va koʻrsatkichlar ilova qilingan holda chop etilgan. Adabiyotlarda Hofiz Muhammad ibn Axmad alAjamiy tomonidan asarning turk tiliga tarjima qilinganligi haqida maʼlumot bor. Bulardan tashqari "3." 1822—23-yillarda Xivada Xudoyberdi ibn Qoʻshmuhammad Soʻfi alXivaqiy tomonidan oʻzbek tiliga qisqartirib tarjima qilinganligi ham maʼlum. 18-asrdan boshlab "Z."ning ayrim qismlari fransuz (Krua, 1713), ingliz (J. Darbi, 1723), ayrim voqealar rus tiliga ham tarjima qilingan. Asarning forscha matni esa 1887—88-yillarda Kalkutta, 1958-yil Tehronda chop etilgan, biroq bu nashrlarda asarning "Muqaddima" kismi hamda zaruriy koʻrsatkichlar berilmagan. 1972-yil Toshkentda asarning har ikki qismini qamragan Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 4472raqamli qoʻlyozmaning faksimil nashri amalga oshirildi. Bunda tarixiy manbalar ilmiy nashr uchun zaruriy boʻlgan bosh soʻz va turli koʻrsatkichlar bilan birga asar matnining har xil nusxalar va nashrlar orasidagi farqlari ham qayd etildi. Shoʻrolar davlatida Amir Temur shaxsiga nisbatan oʻta salbiy xulosa oʻrnashganligi sababli matbuotda temuriylar davri yozma merosini oʻrganish ishi qattiq taʼqib qilindi, baʼzi asarlar bilan birga "3." ham qoralandi.
Oʻzbekiston mustaqil davlat boʻlishi sharofati bilan temuriylar tarixini haqqoniy yoritish uchun keng imkoniyatlar paydo boʻldi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma [fotofaksimil nashr], T., 1973; Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, Movarounnahr voqealari, 1360—1370 [tarjimon: O. Boʻriyev], T., 1994; Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, [tarjimon: Muhammad Ali ibn Darvesh Ali alBuxoriy, 16-asr], T., 1997.
- Asomiddin Oʻrinboyev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |